🔸O'zbekiston Yangiliklari

Turkiya oʻzbek mahsulotlarining toʻsiqsiz tranziti uchun qulay sharoit yaratishni koʻrib chiqadi

Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov Turkiya vitse-prezidenti Fuat Oktay bilan transport sohasidagi hamkorlik masalalarini ham muhokama qildi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov telekonferentsiya aloqa orqali Turkiya vitse-prezidenti Fuat Oktay bilan suhbatlashdi.

Vazirlik xabariga koʻra, suhbatda oʻzaro kelishuvlarning amalga oshirilishi, ikki tomonlama koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish, shuningdek, pandemiyaning ikki mamlakat iqtisodiyotiga taʼsirini bartaraf etish boʻyicha qoʻshma tashabbuslar istiqbollari yuzasidan dolzarb masalalar muhokama qilindi.

“Muzokara davomida transport sohasidagi hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi, turk tomoni oʻz hududi orqali oʻzbek mahsulotlarining uzluksiz va toʻsiqsiz tranziti uchun eng qulay sharoitlarni yaratish imkoniyatlarini koʻrib chiqishini bildirdi. Shu maqsadda Turkiya chegarasida oʻzbek tovarlarining toʻplanishi va kechikishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish uchun ikki davlat transport vazirlari darajasida muntazam maslahatlashuvlar mexanizmi ishlab chiqiladi”, – deyilgan xabarda.

Amalga oshirilishi boshlab yuborilgan investitsion tashabbuslarni ilgari surish boʻyicha oʻzaro faol hamkorlik davom ettiriladi. Shu nuqtai nazardan, koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyat barqarorlashishi bilan kelishilgan loyihalarni amalga oshirish maqsadida turk kompaniyalari rahbarlari va soha mutaxassislarining Oʻzbekistonga tashriflarini tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Oʻzaro savdo hajmini oshirish boʻyicha qoʻshma harakatlar kelishib olindi. Ushbu yoʻnalishda Preferentsial savdo toʻgʻrisidagi bitimni ishlab chiqish boʻyicha ishlar yanada faollashtiriladi. Ikki tomonlama muzokaralar onlayn-sessiyalar shaklida oʻtkaziladi, epidemiologik vaziyat barqarorlashgandan soʻng masalalarni batafsil muhokama qilish hamda yaqin orada Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi yillik tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard dollarga yetkazish maqsadida idoralararo oʻzaro hamkorlik aniq mexanizmlarini ishlab chiqish uchun ikki mamlakat tashqi savdo idoralari rahbarlari darajasida ishchi tashriflar tashkil etiladi.

Bundan tashqari, Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi doirasidagi hamkorlik yoʻnalishlari muhokama qilindi. Turk tomoni ushbu tashabbusni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashiga ishonch bildirdi va bu borada zarur texnik va maslahat yordami koʻrsatishga tayyorligini bildirdi. Yaqin orada ikki davlat soha mutaxassislarining oʻzaro hamkorligi onlayn tizimda boshlanadi.

TOSHKENT, 26 apr — Sputnik Uzbekistan

Комментарий здесь